Eh, umr oqar daryo deganlarini vaqti yetibgina anglaymiz. Sochga qirov qo'nganda bolalikdagi bolalarcha beg'ubor muhabbatimizni eslab qolamiz.
Sevib, ismini daraxtga o'yib yozganimiz o'sha chiroyli qiz – hozir yuzlariga ajin tushgan ayol, bir etak bolasi bor. Endi unga muhabbat ertak, endi unga muhabbat ermak.
Bolalik uzoqqa cho'zilgan shirin tushga o'xshaydi. O'zim yupun, lekin bag'ir butun edi. Yosh edim – olov edim. Yonimda akam – yelkalari tog'day, xushsurat akam.
Ko'rsam ko'ngil, quchsam bag'ir to'lardi. Menga suyanch, menga ishoch, menga dalda bo'lgan mehribon akam hozir o'zi dalda-yu mehrga muhtoj.
Uzoq yo'l yurgan yo'lovchi horib bir joyda to'xtaydi. Bir borajak manziliga qarasa, bir bosib o'tgan yo'liga qaraydi. Sochdagi oq – armonlarmasmikan-a?..
Qachondir, qachondir bu yerdan, yuzim buribman,
Yuribman, yuribman tinmay yuribman.
Olisda holimni bilmay yuribman –
Menga yomon bo'libdi allaqachonlar!
***
Qachondir dovdirab yurgan qulunlar,
Quyoshni ilk bora ko'rgan qulunlar. (x2)
Tuyog'i chalmashib yurgan qulunlar
Uchqur saman bo'pti allaqachonlar. (x2)
O'h, o'h, o'h,
Uchqur saman bo'pti allaqachonlar. (x2)
Qachondir osmonni ag'darardi ham,
Dimog'im achishdi, ko'zga keldi nam: (x2)
Meni yelkasida ko'targan akam –
Qaddi kamon bo'pti allaqachonlar. (x2)
O'h, o'h, o'h,
Qaddi kamon bo'pti allaqachonlar. (x2)
Qachondir yuzida ko'rgandim yulduz,
Yuzi olma kabi tarang va qirmiz. (x2)
Menga ro'molchalar bergan o'sha qiz –
Rangi somon bo'pti allaqachonlar. (x2)
Meni yelkasida ko'targan akam –
Qaddi kamon bo'pti allaqachonlar. (x2)
Qaddi kamon bo'pti allaqachonlar… {x2}