Men sulton Alovuddin Muhammad ibn Tetish o'g'li Jaloliddin Manguberdiman – so'nggi Xorazmshoh. Kindik qonim to'kilgan ona tiprog'imni g'animlardan ozod etish mening chekimga tushdi. Bu yo'lda taqdir ne ofatlarga giriftor qilmadi deysiz. Yiqildim, turdim… Qalbimdagi g'alabaga bo'lgan umid uchquni Yaratganning marhamati ila olovga aylandi. Va menga bu olovning qudrati nimalarga qodirligini ko'rsatish imkoniyati berildi.
Oilam bag'rida kechgan osuda damlarda ham zurriyodlarimga jang san’atini o'rgatib, nogahonda kelishi mumkin bo'lgan xatarlardan ogoh bo'lishga undadim.
Bosqinlar ostida toptalgan va qulayotgan Vatanimni asrab qolish, uni yana qayta ulkan mamlakatga aylantirish otashi ila tun-u kun yondim. Qalbimni ona yurtimni g'animlardan himoya qilish maqsadi bir lahza ham tark etmadi. Dunyoni zabt etishga qasd qilgan chingiz lashkari iskanjasiga tushgan Vatanimni himoya qilish yo'lida bir necha bor o'lim bilan yuzma-yuz keldim va omon qoldim.
Bu yo'lda taqdirning g'alati o'yinlariga ham guvoh bo'ldim. Chunki qattol va shafqatsiz chingiziylar mo'ri-malahdek ko'p va amalda ularni yengish amri mahol edi. Dushmanga qarshi kechgan ayovsiz janglarda oz sonli qo'shin bilan g'alaba qozonar ekanman, menga ilohiy bir kuch doim hamrohligini sezib turardim.
Taassuflar bo'lsinkim, 33 davlatni bir bayroq ostida birlashtirgan, 400 shaharni o'z ichiga olgan Xorazmning O'tror, Samarqand, Buxoro, Gurganch, Xo'jand kabi obod kentlari mo'g'ul bosqinchilari tomonidan ayovsiz talandi, yondirildi, vayron qilindi. Ayollar asir olinib, erkaklar qirib tashlandi.
Vatanimni butkul egallashdek yovuz niyat ila izg'ib yurgan bosqinchilarga qarshi umrimning so'ngiga qadar ayovsiz kurash olib bordim.
Yigirma bir yoshimda otam qo'lidan sultonlik muhri va qilichini olib, yurt himoyasiga otlandim. O'n bir yil davomida Tyan-Shandan Bog'dodgacha, Gurjistondan to Hindistongacha bo'lgan hududlarni qamrab olgan Vatanimni mo'g'ullar qo'lidan qaytarib olishga intildim. Bu yo'lda yurtining bir hovuch tuprog'i uchun jon berishga tayyor mard va jasur o'g'lonlarni atrofimda jamladim. Zotan:
Vatan – ona me’rosdir, ota me’rosdir,
Uni jonday asramoq mardlarga xosdir.
Manguberdiman, mangu aytmog'im – rostdir,
Ulug'vor niyatlarga kor qilmas ajal.
Kim yurtidan yovni quvsa, mendirman o'sha!
Vatan uchun ko'ksim tog', qalqondir sha’nim,
Uni desa shamolday uchqur samanim.
Bor bo'lsam chamanimdir, o'lsam kafanim,
Manguberdilik menga taqdiri azal. (x2)
(Kim yurtidan yovni quvsa) mendirman o'sha,
(Kim yurtiga sodiq tursa) mendirman o'sha,
Mendirman o'sha…
(Kim yurtidan yovni quvsa) mendirman o'sha,
(Kim yurtiga sodiq tursa) mendirman o'sha, (x2)
Mendirman o'sha…
Yurtim har qarich yeri orimdan ulug',
Suygan farzandlarimdan, yorimdan ulug'.
Nada or, nada yor, borimdan ulug',
Ming jondan bu tuproqning har gardi afzal.
(Kim uni ko'zga sursa) mendirman o'sha,
(Kim uni ko'zga sursa) mendirman o'sha,
Mendirman o'sha…
Yovning xushbo'y guli ham alafdir menga,
Yurtim ham go'yo Ka’ba tarafdir menga.
Turon arsloni bo'lmoq sharafdir menga,
Yigit uchun vatan deb yashamoq go'zal. (x2)
(Kim yurtidan yovni quvsa) mendirman o'sha,
(Kim yurtiga sodiq tursa) mendirman o'sha, (x3)
Mendirman o'sha…
Kun keladi, yovlarning bog'i so'lgaydir,
Vatanim hurlik degan baxtga to'lgaydir.
Kun kelar, eng buyuk davlat bo'lgaydir,
Millionlab “Manguberdi” bo'lar u mahal.
Qay ona o'g'il tug'sa, mendirman o'sha,
Qay ona o'g'il tug'sa, mendirman o'sha,
(Kim yurtidan yovni quvsa) mendirman o'sha,
(Kim yurtiga sodiq tursa) mendirman o'sha…
Mendirman o'sha…