Afrosiyob o'rnida qad ko'targan,
Ko'kragiga Chingiz tig'i qadalgan.
Bugun dunyo sayqali deb atalgan,
Samarqandning Registoni tabarruk.
Moziylardan so'ylar moviy gumbazlar,
Madrasa-yu qancha masjid meroslar. (x2)
Motirudiy, Qusam ibn Abboslar,
Buxoriylar nur makoni tabarruk.
Maqbaralar Temuriylar savlati,
Shohi Zinda, Go'ri Amir hayrati.
Bibihonim – go'zallikning ziynati,
Xoja Axror oshiyoni tabarruk.
Avlodi bekmi yo xonga tutashgan,
Kim bo'lsa qoni bir qonga tutashgan,
Tomiri yurakka, jonga tutashgan,
Tojdorlar-u ham xoqoni tabarruk.
Dunyo ahli ko'rdi qaddi bo'ylarin,
O'tar har yil Sharqning sa'at to'ylari.
Ustoz Xoji Abdulaziz kuylari,
“Qurbon o'lam” , “Bozurgon”i tabarruk.
Mashhur “Siyob” bozorini kim bilmas?
Urgut mayiziga novvot teng kelmas.
Sayyohlarga tashrif qog'oz shart emas,
Osiyoki shirmoy noni tabarruk.
Shoh Ulug'bek Ko'ragoniy tabarruk,
Samarqandning Registoni tabarruk.