52 bolang yondi daf’atan,
E voh, kulga qanday o'raysan kafan?
Ona bo'l, boshingga oq ro'moling yop,
Ota bo'l, belingni bog'la, jon Vatan!
Biri o'g'lonmidi kuyov bo'lmagan,
Biri yigitmidi farzand ko'rmagan?
Endi yetim qolgan go'daklaringni
Otasi bo'l, qalqoni bo'l, jon Vatan!
52 bolang yondi daf’atan,
E voh, kulga qanday o'raysan kafan?
Ona bo'l, boshingga oq ro'moling yop,
Ota bo'l, belingni bog'la, jon Vatan!
52 o'g'lon yondi daf’atan.
Samolar zirillab ketdi faryoddan,
Darvoza ochildi to'g'ri Jannatdan.
Og'a bo'l, yelkangga tobutlarni ort,
Singil bo'lib faryod ayla, jon Vatan!
52 o'g'lon ketdi daf’atan.
Nogoh alangaga burkanganda tan,
Kalima keltirib ulgurdimikan?
“O'zbekman” deganning jon yuragidan
52 qabr kavla, jon Vatan!
O'g'lonlaring ko'kka ketdi daf’atan.
Biri o'g'lonmidi kuyov bo'lmagan,
Biri yigitmidi farzand ko'rmagan?
Endi yetim qolgan farzandlaringni
Otasi bo'l, qalqoni bo'l, jon Vatan!
O'g'lonlaring ko'kka ketdi daf’atan,
52 o'g'lon yondi daf’atan…