Tinchim tamom bo'ldi, orom yo'q tanda,
Lablarimda qotdi shodlik va handa.
Shundan buyon oyoq-qo'lim kishanda,
Qaydan ham, oh, seni ko'rdim o'shanda?
Man qattiq sevibman, qattiq suyibman,
Boshimni zo'r ishga berib qo'yibman. (x2)
Har lahza tegrangda parvonaman, gul,
Izma-iz yuraman, devonaman, gul.
Poyingda hokisorman, ostonaman, gul,
Hasrating tuganmas so'zonaman, gul.
G'am yukin yurakda shuncha o'yibman,
Boshimni zo'r ishga berib qo'yibman. (x2)
Dil olgan qora soch, qora qoshlaring,
Ko'zimni ko'r qilgan ko'z qarashlaring.
Rashk o'tin yoqarlar do'st-sirdoshlaring,
Ko'nglimga urilur ta’na toshlaring.
Ne yomonlik kelsa, yaxshiga yo'yibman,
Boshimni zo'r ishga berib qo'yibman. (x2)
Qancha alam o'tdi, chidadim rosa,
Necha g'animlarla aylab murosa.
Sendan kecholmadim palagi toza,
Yana seni dedim ko'nglimni ezib.
Mehrsizlik aro cho'kdim o'yib men,
Boshimni zo'r ishga berib qo'yibman.
Umrim ketsin seni so'rab, so'roqlab,
Tashlab ketma endi yuragim bog'lab.
Mayliga, mahliqo sen dog'lab, dog'lab
Bir vafo qil, so'ngra o'ldir qiynoqlab.
Men oshiq jonimdan bugun to'yibman,
Boshimni zo'r ishga berib qo'yibman. (x2)
Tinchim tamom bo'ldi, orom yo'q tanda,
Lablarimda qotdi shodlik va handa.
Shundan buyon oyoq-qo'lim kishanda,
Qaydan ham, oh, seni ko'rdim o'shanda ?
Men qattiq sevibman, qattiq suyibman,
Boshimni zo'r ishga berib qo'yibman. (x2)
Boshimni zo'r ishga berib qo'yibman…