Ajrashdilar ikki yonga ikki ko'ngil,
Ayro bo'ldi har tomonga ikki ko'ngil.
Ayrilmoqlik bu zamonda bo'ldi yengil,
Kimga og'ir? O'rtadagi qaro ko'zga, qaro ko'zga.
Biri deydi: boshim uzra ochiq osmon,
O'zimga xon, o'zimga bek, o'zim sulton.
Ayrilmoqlik bu zamonda bo'ldi oson,
Kimga qiyin? O'rtadagi qaro ko'zga, qaro ko'zga.
Kitoblarda qolib ketdi ahdu vafo,
Bevafolik bo'ldi udum, bo'ldi vabo.
Kimga mazza bu beboshlik, kayfu-safo?
Kimga azob? O'rtadagi qaro ko'zga, qaro ko'zga.
Onasidan kecholmasa nima qilsin?
Otasidan kecholmasa nima qilsin?
Bu jumboqni yecholmasa nima qilsin?
Bo'ldi armon o'rtadagi qaro ko'zga, qaro ko'zga.
Ana karlik, ana ko'zi ochiq ko'rlik,
Sarson bo'ldi aro yo'lda bola sho'rlik.
Bu ginalar, bu arazlar, bu mag'rurlik,
Kimga jabr? O'rtadagi qaro ko'zga, qaro ko'zga.
O'zlarining farog'ati muhim rosa,
Ahdu paymon unutilgan, yo'q murosa.
Qani endi bittasi “xo'p” deya qolsa,
Kimga quvonch? O'rtadagi qaro ko'zga, qaro ko'zga.
Ajrashdilar ikki yonga ikki ko'ngil…