Ko'z oldimdan ketmayapsan, oyim qizim,
O'n bir yoshga to'lolmagan qaro ko'zim.
Eshigi yo'q, tuynugi yo'q zulmatlarda
Yotarmisan endi yolg'iz, jonim qo'zim?
O'nta bo'lsa, o'rning boshqa edi sening,
Ko'rar ko'zim, jigarbandim eding mening.
Bu kun bizning oramizdan ketib qolding,
Ochilmasdan o'n gulingdan bitta guling.
Ko'z yoshlarim sel bo'ldi sen ketar chog'i,
O'limdan ham og'ir ekan farzand dog'i, farzand dog'i.
Sen yasharsan mangu xayol-hushlarimda,
Ovunarman, ko'rsam agar tushlarimda.
Tinmay qildim Ollohimga nolalarim,
Yig'layverib, kuch qolmadi kuchlarimda.
O'n bir yilda o'n sakkiz kun bemor bo'lding,
Ojiz qolding, xastalikni yengolmading.
Joning uchun yuborilgan farishtaga
Nahot, menga kerakliging aytolmading?
Ko'z yoshlarim sel bo'ldi sen ketar chog'i,
O'limdan ham og'ir ekan farzand dog'i, farzand dog'i.
Qaniydi, men to'ylaringni ko'rsam edi,
Bo'ying yetsa, bo'ylaringni ko'rsam edi.
Qavat-qavat armonlari bor otangning,
Nabiram deb farzandingni suysam edi.
Ko'z yoshlarim sel bo'ldi sen ketar chog'i,
O'limdan ham yomon ekan farzand dog'i, farzand dog'i.
Farzand dog'i, farzand dog'i…