Dilim berganlarim dilimdan yiroq,
Ko'ngil tutganlarim zimdan begona.
Men neki bo'lmayin – osmon-u tuproq,
Faqat siz qoldingiz men bilan, ona. {x2}
Yuzda ajin fursatdan ijod,
Ko'ksingizda dard shundoq ham bisyor.
Onam yoshin to'kdirma, hayot,
Axir onam ko'zida men bor,
Axir onajonim ko'zida men bor.
Munisam, xokisor onam,
Otamdan yodgorim onam.
Yo'llarim yoritguvchi shamchirog'im,
Ko'ksimda tumorim onam.
Qo'shiqlar bitdim barchaga talay,
Boy berildi fursatlar yana.
Mehringizga mos qo'shiq topolmay
Men kechikdim, kechiring, ona. {x2}
Hayot so'qmoq, tikan har qadam,
Kaft tutdingiz tovonim uzra.
Oh, otamdan omonatginam,
Siz eltdingiz meni bu kunga.
Oh, otamdan omonatginam,
Siz eltdingiz meni bu kunga.
Munisam, xokisor onam,
Otamdan yodgorim onam.
Yo'llarim yoritguvchi shamchirog'im,
Ko'ksimda tumorim onam.
U kunlardan qo'rqaman yomon,
Umrin ko'l qil, Xudoyim, oxir.
Shuncha chekkan g'am sabab onam,
Ko'p yashashga haqli-ku axir.
Shuncha chekkan g'am sabab onam,
Ko'p yashashga haqli-ku axir.
Chiroyligim, go'zalim onam,
Suyib, o'pib, ko'p erkalasam,
Siz bergan bu mehr yonida
Noo'rindir yorim rashki ham.
Munisam, xokisor onam,
Otamdan yodgorim onam.
Yo'llarim yoritguvchi shamchirog'im,
Ko'ksimda tumorim onam. (x2)